Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sohibqiron Amir Temurning 690 yilligi”ga bag‘ishlangan nufuzli Respublika teatrlar festivali doirasida Andijon viloyati yoshlar teatri jamoasi ham munosib ishtirok etmoqda.
Mazkur jamoa tomonidan sahnaga olib chiqilayotgan Amir Temur siymosi o‘ziga xos badiiy talqin, puxta rejissura va yuksak ijro mahorati bilan ajralib turadi. Spektaklda buyuk sarkarda obrazi tarixiy haqiqat va sahnaviy ifoda uyg‘unligida yoritilib, tomoshabinga yangicha ruhda taqdim etilmoqda.
Teatr direktori X. Jo‘raboyev tomonidan yaratilgan Amir Temur obrazi chuqur ichki kechinmalar, qat’iyat, iroda va sarkardalarga xos salobatni o‘zida mujassam etgani bilan e’tiborlidir. Ushbu obraz uchun maxsus tarixiy ruhda yaratilgan yangi sahna libosi esa spektaklning badiiy yechimini yanada boyitib, uning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur ijodiy ish festival dasturining mazmunan boy va serqirra o‘tishiga munosib hissa qo‘shayotgani bilan ahamiyatlidir.